“Kitob orqali dunyoni kashf etamiz”
Yangiobod tuman Axborot-kutubxona markazi xodimlari 1-sonli umumta’lim maktabi bilan hamkorlikda “Kitob orqali dunyoni kashf etamiz” shiori ostida yangi adabiyotlar ko‘rgazmasini tashkil etdilar. Ko‘rgazmada markaz fondiga kelib tushgan yangi badiiy, ilmiy-ommabop va bolalar adabiyotlari namoyish etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning mutolaa qilishga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda mazmunli bo‘sh vaqtlarini tashkil etishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida kitobxonlar yangi nashrlar bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan kitoblar haqida ma’lumot oldilar. Ko‘rgazma ishtirokchilarda kitobga mehr va mutolaaga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qildi.